Respublikaning barcha hududlarida Adliya vazirligining yuridik kollejlari tashkil etildi

Respublikaning barcha hududlarida Adliya vazirligining yuridik kollejlari tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bir qator kollejlar yuridik kollejlarga aylantirildi. Bu haqida vazirlikning Telegram-kanalida xabar berildi.

Yuridik kollejlarning o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtirish, ularga amaliy va axborot-resurslari jihatdan ko‘maklashish Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan, ularning faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish hamda tashkiliy-kadrlar bazasini mustahkamlash esa – hududiy adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri hamda viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshliqlari lavozimi bo‘yicha yuridik kollejlari direktorlari hisoblanadi.

Yuridik kollejlarni zarur o‘quv va sport uskunalari, kompyuter texnikasi va axborot-resurs fondlari bilan jihozlash xarajatlari ta’limga ajratiladigan byudjet mablag‘lari, shuningdek Adliya vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Yuridik kollejlariga qabul qilish har bir hududning “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limga ega bo‘lgan kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan kvotalar bo‘yicha tanlov asosida amalga oshiriladi