2022/2023-o‘quv yilidan qator OTMlarga kirishda chet tili fanidan kasbiy imtihon o‘tkaziladi

2022/2023-o‘quv yilidan qator OTMlarga kirishda chet tili fanidan kasbiy imtihon o‘tkaziladi

O‘zbekistonda 2022/2023-o‘quv yili qabulidan boshlab qator oliy ta’lim muassasalariga kirishda chet tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, yanvar va fevral oylarida 2 ta muhim qaror qabul qilingan. Bular:

  • Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori;
  • Vazirlar Mahkamasining “Chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.

Qaror bilan 2022/2023-o‘quv yili qabulidan boshlab xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika va Nukus davlat pedagogika institutlarining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi.

Bunda belgilangan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatning tegishli darajalariga ega bo‘lgan abituriyentlarga o‘qishga kirish sinovlarida berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi.