Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti tashkil etildi

Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti tashkil etildi

Prezident qarori bilan Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali negizida Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti tashkil etildi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.

Institutda quyidagilar bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega kadrlar tayyorlanadi:

  • tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib hududlarni ixtisoslashtirish;
  • eksportbop va daromadbop qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishni tashkil etish;
  • qishloq xo‘jaligida innovatsion resurstejamkor texnologiyalarni hamda raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish.

Institutda 2021/2022-o‘quv yilidan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida kredit-modul tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda, talabalar uchun haftaning shanba kuni mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilanadi.

2022-yil yakunigacha institutda talabalar, magistrlar va ilmiy izlanuvchilar hamda yosh professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida loyihalarning startaplarini yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi IT-inkubator ilmiy innovatsion markazi tashkil etiladi.

Institutga tegishli yer maydonlarida anor, xurmo, limon, qora olxo‘ri, uzum va boshqa meva-sabzavotlarning yuqori hosilli, yiliga 2-3 marotaba hosil olishga imkon beradigan navlarini yaratish bo‘yicha ko‘rgazmali dala maydonlari barpo etiladi.

Qarorga ko‘ra, institutda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kechki (smenali) hamda 2022-yildan oliy ta’limdan keyingi ta’lim (doktorantura)ga qishloq xo‘jaligi ixtisosliklari bo‘yicha qabulni tashkil etish nazarda tutilgan.

Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali talabalari institutning mos ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga o‘tkazilib, 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga institut diplomi beriladi. Institut faoliyati Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.