O‘zbekistonning to‘rt oliy ta’lim muassasasi yilning eng yaxshi universitetlar reytingiga kirdi

O‘zbekistonning to‘rt oliy ta’lim muassasasi yilning eng yaxshi universitetlar reytingiga kirdi

Londonda Quacquarelli Symonds xalqaro agentligi tomonidan rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha 2021 yilning eng kuchli universitetlar reytingi (QS Emerging Europe and Central Asia University Rankings) e’lon qilindi. Unga birinchi marta O‘zbekistonning to‘rtta oliy ta’lim muassasasi joy oldi. Bu haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmatining xabar bermoqda.
 

Bular:
- Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti (251-300);
- Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (351-400);
- Samarqand davlat universiteti (351-400);
- Toshkent davlat texnika universiteti (351-400).

 

QS xalqaro reyting agentligi kuchli universitetlar reytingini tuzishda ularning akademik nufuzi (30%), ish beruvchilar o‘rtasidagi nufuzi (20%), o‘qituvchilar va talabalar miqdori mutanosibligi (10%), professor-o‘qituvchilarning ilmiy faolligi (10%), ilmiy maqolalarning o‘qilishi, ularga nisbatan berilgan iqtiboslar soni (5%), xorijiy o‘qituvchi va xodimlar (2,5%) hamda talabalar (2,5%) ulushi va shu kabi boshqa muhim tomonlar asos qilib olinadi.
 

Reytingni tuzishda dunyoning 102 ming nafardan ortiq olimlar, o‘qituvchi va OTMlar rahbarlari, 52 ming nafardan ziyod ish beruvchi kompaniyalar vakillari ishtirok etgan. Jumladan, yurtimiz oliy ta’lim tizimi vakillari ham ekspert sifatida ushbu reytingni tuzishda qatnashdi.
 

— Bu yil O‘zbekiston universitetlari ko‘p jihatdan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va universitetlarning tizimli foliyati tufayli hududiy reytingdagi ishtirokini kengaytirdi, — deydi QS tahliliy markazi direktori Ben Sauter. — Biz O‘zbekiston hukumati va vazirlikning mamlakat oliy ta’limining global raqobatbardoshligini oshirish hamda OTMlarning xalqaro akademik guruhlarda tanilishiga erishish yo‘lida olib borayotgan ishlarini yuqori baholaymiz.
Reytingda eng yuqori o‘rinlarni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (Rossiya), Tartus universiteti (Estoniya), Sankt-Peterburg davlat universiteti (Rossiya) va Karlov universiteti (Chexiya) egallagan.

Ma’lumot o‘rnida, dunyoda ta’lim sifatini baholovchi ko‘plab reyting tizimlari bo‘lib, ulardan xalqaro miqyosda tan olinadigan Times Higher Education (THE), Quacquarelli Symonds (QS) va Academic Ranking of World Universities (ARWU) Shanxay reyting kompaniyalari o‘zining nufuzi bilan dunyoga mashhur.

 

2018 yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi QS va Times Higher Education xalqaro reyting agentliklari bilan respublika OTMlarini xalqaro reytinglarga kirishga tayyorlash bo‘yicha strategik shartnoma imzolangan.