Endi 10-11-sinflarda fanlar ixtiyoriy tanlov asosida o‘qitilishi mumkin

Endi 10-11-sinflarda fanlar ixtiyoriy tanlov asosida o‘qitilishi mumkin

O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2019/2020 o‘quv yilining uchinchi choragidan boshlab 10—11-sinflarda fanlar ixtiyoriy tanlov asosida o‘qitiladi. Variativ o‘quv rejalar bilan bog‘liq tajriba-sinov 2019/2020 o‘quv yili yakuniga qadar o‘tkaziladi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etishlaricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tasdiqlagan O‘zbekiston xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019-yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”sida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejalarining joriy etilishi belgilangan.

Variativ o‘quv rejalarini joriy qilishdan maqsad o‘quvchilarning o‘zlari qiziqqan fanlarni chuqur o‘rganishiga sharoit yaratish, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtiga kirish imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash va yuqori sinflarda o‘quv jarayonini kasblarga yo‘naltirilgan holda tashkil etishdan iborat.

Variativ o‘quv rejalarining joriy qilinishi ixtiyoriy bo‘lib, maktabda tanlov sinfini tashkil etishda yuqori malakali, tajribali o‘qituvchilarning mavjudligi inobatga olinadi. Quyidagi hollarda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv reja joriy qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • o‘quvchilar, o‘qituvchilar va ota-onalardan norozichilik bo‘lsa;
  • umumiy o‘rta ta’lim maktablari variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv reja asosida o‘qitiladigan sinfga tegishli fandan dars berish uchun yetarli malaka va tajribaga ega o‘qituvchi bilan ta’minlanmagan bo‘lsa.

Tanlov sinfi yo‘nalishi 10-, 11-sinflar kesimida o‘quvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish orqali aniqlanadi. Bunda bir nafar o‘quvchi faqat bitta yo‘nalishni tanlaydi.

O‘quvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish va natijasini umumlashtirish uchun maktabda tanlov komissiyasi tuziladi. Komissiya tarkibiga maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, psixolog, fan metod birlashma rahbari va ota-onalar qo‘mitasi raisi kiritiladi. Shu bilan birga, tanlov komissiyasi a’zolari tarkibiga o‘quvchilarning ota-onalari va tegishli yo‘nalishdagi fan o‘qituvchilari kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi (ota-onalar qo‘mitasi raisi va fan metod birlashma rahbari bundan mustasno).

So‘rovnoma natijasida tegishli tanlov sinfida o‘qishni xohlagan o‘quvchilar soni 35 nafardan oshib ketsa, bunday holda o‘quvchilar maktab tomonidan tashkil etiladigan tegishli fan bo‘yicha sinov natijalari asosida tanlov sinfiga qabul qilinadi. Agarda tanlov sinfida o‘qishni xohlagan o‘quvchilar soni 35 nafardan ortiq bo‘lmasa, bunday holda o‘quvchilar tanlov sinfiga sinovsiz qabul qilinadi.

Variativ o‘quv rejalari hozirda tajriba sifatida joriy etilmoqda. Yangi tizim o‘quvchilarga maktabning o‘zida oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihoniga tayyorlanishi uchun imkoniyat yaratib, repetitorga ehtiyojini kamaytiradi.

Shuningdek, o‘quvchilarning vaqti tejaladi. Natijada, ota-onalarning repetitorga sarflayotgan mablag‘i tejalib, kam ta’minlangan oila farzandlari uchun ham OTMga bepul tayyorgarlik ko‘rishga imkon yaratiladi.

Tanlov sinfini tashkil etish uchun quyidagi yo‘nalishlar tavsiya etiladi:

  • birinchi yo‘nalish: xorijiy til va filologiya yo‘nalishi;
  • ikkinchi yo‘nalish: moliya-iqtisod yo‘nalishi;
  • uchinchi yo‘nalish: texnologiya yo‘nalishi;
  • to‘rtinchi yo‘nalish: tabiiy fanlar yo‘nalishi;
  • beshinchi yo‘nalish: ijtimoiy-gumanitar yo‘nalish.