Buxoroda Turkiya universitetining filiali va klinikasi ochiladi

Buxoroda Turkiya universitetining filiali va klinikasi ochiladi

Mamlakatimizga Turkiyaning Sogʻliq bilimlari universiteti rektori, professor Jevdet Erdol boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Qayd etish joizki, 1903-yilda tashkil etilgan mazkur universitet Turkiyada yagona ixtisoslashgan tibbiyot universiteti, shuningdek, Yevropaning yetakchi taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi.

1-aprel kuni delegatsiyaning Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Mamlakatimizning tibbiyot oliy oʻquv yurtlari rektorlari ishtirok etgan muloqotda tibbiy taʼlim sohasida aloqalarni yanada kengaytirish va rivojlantirish, hamkorlikda ilmiy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston tibbiyot oliy oʻquv yurtlari hamda Turkiya Sogʻliq bilimlari universiteti oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Jumladan, tomonlar bakalavr va magistrantlarning akademik almashinuvini tashkil etish, professor-oʻqituvchilar va doktorantlar uchun malaka oshirish, turk universitetining filiali bazasidagi shifoxonalarda yozgi amaliyot oʻtash va qoʻshma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish borasida qator kelishuvlarga erishdi.

Bundan tashqari, 2019/2020 oʻquv yilida Buxoro davlat tibbiyot instituti bazasida Turkiya Sogʻliq bilimlari universiteti qoshidagi Oliy tibbiyot maktabining filialini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Buxoro davlat tibbiyot instituti hududida mazkur tibbiyot universitetining klinikasi ham ochiladi. Taʼkidlash joiz, ikki tibbiyot oliy oʻquv yurtlari oʻrtasidagi hamkorlik oʻtgan yildan buyon izchil rivojlanmoqda. Talabalar hamda oʻqituvchilarning ilmiy almashinuvi borasida faol ish olib borilayotir.

Hozirda ushbu hamkorlik samarasi oʻlaroq Buxoro davlat tibbiyot institutining 40dan ziyod professor-oʻqituvchilari va talabalari Turkiyada taʼlim oldi.

Manba: O'zA