Oʻzbekistonda Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti ochiladi

Oʻzbekistonda Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti ochiladi

21 oktyabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti rektori Mixaylova Tamara Viktorovna boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda jismoniy tarbiya va sport sohasi boʻyicha ikki davlat oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, qishki sport turlari boʻyicha trenerlar tayyorlash sohasida oʻzaro tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilingan. Unga koʻra, bir qator muhim yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishilgan. Xususan, Oʻzbekistonda Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiali tashkil etiladi. Shuningdek, oʻzbekistonlik sportchi va murabbiylarga universitetning Rossiyadagi qishki sport turlariga ixtisoslashgan bazalarda shugʻullanish imkoniyati yaratiladi.

Tamara Mixaylova universitetning yangi tashkil etiladigan filiali haqida shunday degan: “Mazkur filial universitetimizning xorijda tashkil etilayotgan birinchi filiali boʻladi. Uning tashkil etilishi nafaqat Oʻzbekiston, balki barcha Markaziy Osiyo davlatlari yoshlarining taʼlim olishiga qulaylik yaratadi. Dastlab bir necha yoʻnalishda tashkil etiladigan filial yoʻnalishlari yildan-yilga kengaytirib boriladi. Biz muassasaning samarali faoliyat yuritishi uchun malakali mutaxassislarimizni jalb etamiz”.

Uchrashuv yakunida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik shartnomalari imzolangan.

Maʼlumot uchun, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti jismoniy tarbiya va sport sohasi boʻyicha dunyodagi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Hozirgi paytda universitetda 6500 nafar talaba taʼlim olib, ulardan 600 nafari xorijiy davlat fuqarolari hisoblanadi.