Jahon tillari universiteti qoshida fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etiladi

Jahon tillari universiteti qoshida fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshida fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Mazkur qaror Oʻzbekiston va Fransiya davlatlari oʻrtasidagi madaniyat va taʼlim sohalaridagi oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, fransuz tili boʻyicha chuqur bilimga ega boʻlgan yoshlarni voyaga yetkazishga xizmat qiladi. Bu haqida OTMninig Axborot xizmati xabar bermoqda.

Qaror loyihasida 2019/2020 oʻquv yilida maktabning 7-8-9-10 sinflariga 40 nafardan oʻquvchilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan fransuz tili va ona tili fanlaridan test sinovlari asosida qabul qilinishi belgilangan.

Hujjatga koʻra, Fransiya va boshqa tili oʻrganilayotgan xorijiy mamlakatlardagi maktablar bilan doimiy hamkorlik oʻrnatish ishlari amalga oshiriladi. Maktabdagi oʻqish jarayonida yuqori bilim va salohiyatni koʻrsata olgan oʻquvchilar hamda maktabning yetakchi pedagog-oʻqituvchilari uchun xorijiy mamlakatlarda amaliyot oʻtash va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Maktab bitiruvchilari davlat namunasidagi umumiy oʻrta taʼlim maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatni oladi. Maktabni yuqori koʻrsatkichlar bilan yakunlagan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan maktabning oʻzida oʻtkaziladigan imtihon natijalariga muvofiq beriladigan fransuz tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi B1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar oliy taʼlim muassasalarining xorijiy til va adabiyoti, filologiya va tillarni oʻqitish, tarjima nazariyasi va amaliyoti yoʻnalishlariga (fransuz tili boʻyicha) kirish imtihonlarisiz, kvotadan tashqari grant asosida oʻqishga qabul qilinadi.