Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari farzandlar tarbiyasi va ularning kasb tanlashida ota-onalarning roli, shuningdek, buning betashvish keksalik gashtini surishdagi ahamiyatini aniqlashga qaratilgan tadqiqot natijalarini eʼlon qildi. Bu haqda Oyina.uz nashri xabar berdi. Tadqiqot doirasida 10 yoshdan 22 yoshgacha boʼlgan bolalarning ota-onalari ishtirokida soʼrov ham oʼtkazilgan.
Soʼrovda 2100 kishi ishtirok etgan boʼlib, respondentlarning 72 foizini ayollar, 28 foizini esa erkaklar tashkil etgan. Taʼlim darajasi boʼyicha ularning 4,6 foizi ilmiy darajaga, 36,1 foizi oliy maʼlumotga, 21,2 foizi oʼrta, 38,2 foizi oʼrta maxsus maʼlumotga ega.
Soʼrov natijalariga koʼra, respondentlarning 28,7 foizi keksa ota-onasi bilan yashashi maʼlum boʼldi. Farzandlaringiz tarbiyasiga kim koʼproq taʼsir qiladi, degan savolga ota-onalarning 41,6 foizi ona, 27,4 foizi ota, 9,3 foizi bobo va buvilar, 8,1 foizi aka-opalar, 7,3 foizi oʼqituvchilar, 3,7 foizi begonalar va 2,5 foizi boshqa qarindoshlar, deb javob bergan.
Soʼrovda ishtirok etganlarning aksariyati (80,2 foiz) farzandlarini maʼlum kasb boʼyicha yetuk mutaxassis boʼlib, elga taniladigan inson sifatida koʼrishi maʼlum boʼldi. Moddiy taʼminlanganlik va mulk egasi boʼlishi ikkinchi orzu boʼlib qolmoqda (7,9 foiz). Ushbu savolning javoblari ota-onalarning millati va maʼlumot darajasi, farzandning jinsi boʼyicha farq qilmaydi.
Аksariyat ota-onalar (95,8 foiz) farzandlari kelajagi borasida oʼzaro maslahatlashgan. 88,3 foiz holatda ularning fikri bir joydan chiqqan boʼlsa, 7,2 foiz holatda fikrlar keskin farqlangan.
Soʼrovnoma javoblari shuni koʼrsatdiki, ota-onalar farzandlari kelajagini rejalashtirishda bolalarning fikriga ham eʼtibor bermoqda. Ota-onalarning 97,9 foizi oʼz farzandlari bilan ushbu mavzuda suhbatlashgan boʼlib, 86,3 foizi farzandlarining tanlovini maʼqullagan, 11,1 foizi qisman maʼqullagan, 1,3 foizi esa qoniqmagan.
Soʼrovnoma javoblariga binoan, yoshlarda tibbiyot yoʼnalishidagi kasblarga (15,5 foiz) qiziqish kattaligi aniqlandi. Keyingi oʼrinlarni oʼqituvchi (9,7 foiz), IT mutaxassisligi (9,3 foiz), iqtisodchi (sohalar boʼyicha) (8,2 foiz), tadbirkor (7,7 foiz) kabi kasblar egalladi. Respondentlarning 2,5 foizi farzandlari kelajakdagi kasbi haqida hali qarorga kelmaganini taʼkidlagan. Qizlar kutilganidek koʼproq shifokor (16,3 foiz) va oʼqituvchi (13,8 foiz) kasblarini tanlagan boʼlsa, oʼgʼil bolalar birinchi oʼrinda IT mutaxassisligi (18,7 foiz), keyin esa shifokor (13,7 foiz), iqtisodchi (13,2 foiz) va tadbirkor (11,2 foiz) kasblarini afzal koʼrgan.
Rasm: Baxtiyor Nasimov