O‘zbekistonda abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi

O‘zbekistonda abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi

20-iyun kunidan 2022/2023-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi. Bu haqda Davlat test markazi xabar berdi.

Abituriyentlar telefon raqamini avtorizatsiyadan o‘tkazib, pasport ma’lumotlari, doimiy yashash manzili va tugatgan ta’lim muassasasi bo‘yicha ma’lumotlarni kiritishlari, shuningdek, imtiyozlari mavjud bo‘lsa, ularni tekshirishlari hamda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lsa, sertifikat ma’lumotlarini kiritishlari mumkin.

Ta’lim yo‘nalishlarini esa 2022/2023-o‘quv yili uchun qabul parametrlarining ta’lim tillari bo‘yicha taqsimoti tasdiqlanganidan so‘ng tanlash mumkin bo‘ladi.

Abituriyentlarni ro‘yxatga olish Davlat test markazining “My.dtm.uz” sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (“My.gov.uz”) orqali onlayn amalga oshiriladi.

Ro‘yxatga olish 20-iyulga qadar (20-iyul kuni ham) davom etadi va abituriyentlar 20-iyulga qadar o‘z ma’lumotlarini o‘zgartirishlari hamda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘ladigan bo‘lsa, sertifikat ma’lumotlarini kiritishlari mumkin bo‘ladi.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga onlayn ro‘yxatga olish esa 10-iyulga qadar (10-iyul kuni ham) amalga oshiriladi.