O‘zbekistonda bu yil faqat 9 va 11-sinf bitiruvchilari bosqichli imtihonlar topshiradigan bo‘ldi

O‘zbekistonda bu yil faqat 9 va 11-sinf bitiruvchilari bosqichli imtihonlar topshiradigan bo‘ldi

O‘zbekistonda 2021/2022-o‘quv yili yakunida 5-6-7-8 hamda 10-sinflarning bosqichli imtihonlari o‘tkazilmaydi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, umumta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlari 2022-yil 25-may kuni tugaydi va 9- va 11-sinf o‘quvchilarining yakuniy nazorat imtihonlari 26-maydan 15-iyunga qadar o‘tkaziladi.

Bayram munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlarini inobatga olgan holda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinf o‘quvchilari uchun Jismoniy tarbiya fanidan yakuniy nazorat imtihonlari 2—7-maydan 11—14-may kunlariga ko‘chiriladi.

Joriy o‘quv yili yakunida  5-6-7-8 hamda 10-sinflarning bosqichli imtihonlari o‘tkazilmaydi. Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalari va maktab-internatlarida esa bosqichli imtihonlar ularning ichki nizomlariga muvofiq ixtisoslashuv fanlari doirasida amalga oshiriladi.

Davlat test markazi tomonidan beriladigan umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risida davlat sertifikatga ega hamda chet tili fani bo‘yicha B1 va undan yuqori B2, C1, C2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar tegishli fandan hamda chet tili fanidan maktab pedagogika kengashining qarori asosida yakuniy nazorat imtihonlaridan ozod etiladi.

Yakuniy nazorat imtihonlariga o‘quvchilarni kiritish yuzasidan maktab pedagogika kengashi o‘tkaziladigan kundan kamida 10 kun oldin tegishli sinf rahbari tomonidan ishchi guruhga umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi, chet tili fani bo‘yicha B1 yoki undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘quvchilar ro‘yxatini va sertifikatlar nusxalarini taqdim etishlari lozim.