Milliy ta’lim tizimi tubdan isloh qilinadi

Milliy ta’lim tizimi tubdan isloh qilinadi

Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda ta’limni rivojlantirishga alohidae’tibor qaratilgan.

Jumladan, Maktablarni rivojlantirish Milliy dasturini joriy etish orqali xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rnini yaratish maqsadida yangi maktablarni qurish bilan bir qatorda nodavlat sektor ulushini oshirishga katta ahamiyat qaratilgan. Xususan, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarga sharoit va imkoniyatlarni kengaytirish orqali ularning ta’lim tizimidagi ulushini joriy yilda 3 foizga, 2026 yilda esa 8 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu esa, o‘z navbatida, davlat umumta’lim maktablari bilan xususiy maktablar o‘rtasida raqobat muhitini rivojlantirishga va shu orqali ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga sharoit yaratadi.

Ta’lim sohasidagi islohotlarda o‘qituvchilarning bilim va malakasini oshirish va o‘quv jarayoniga yangi ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish qatori darsliklarni ham qayta ko‘rib chiqish va zaruratga ko‘ra yangilash rejalashtirilgan. Jumladan, 2026 yilga qadar o‘quv dasturlari va darsliklar ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ko‘rib chiqilib, Milliy o‘quv dasturiga asosan 2026 yilga qadar 699 nomdagi, shu jumladan, 2022 yilda 296 nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblarini hamda mobil ilovalarni yaratish ko‘zda tutilgan. O‘qituvchilarni Milliy o‘quv dasturi bo‘yicha yangi metodikalarga o‘qitish maqsadida esa Elektron malaka oshirish platformasi uchun 2026 yilga qadar jami 769 ta videodars yaratilishi mo‘ljallangan.

Manba: parliament.uz