Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xitoyning Shanxay universiteti bilan hamkorlikda Toshkentda xalqaro biznes maktabini ochadi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar tarqatdi.
Mazkur muassasa JIDU tarkibida tashkil qilinadi. U yerda akademik standartlarga mos ta’lim olish dasturi hamda Shanxay universiteti bakalavri va magistri darajasiga ega bo‘lish imkoniyati taqdim etiladi. Tadqiqotlar olib borish va biznes vakillariga start-aplarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida konsultatsiyalar berish ham ushbu dargohning asosiy vazifalari qatoriga kiritildi. Bu boradagi muhim kelishuv shu yilning birinchi yarim yilligida imzolanishi kutilmoqda. Shuningdek, universitetda Xitoy tadqiqotlari ilmiy laboratoriyasi o‘z faoliyatini boshlashi rejalashtirilgan.
Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetida esa Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekistonni o‘rganish markazi ta’sis etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.