Bu yil oliy ta’lim muassasalariga 87 165 talaba qabul qilinadi

Bu yil oliy ta’lim muassasalariga 87 165 talaba qabul qilinadi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4-iyundagi qarori bilan 2018—2019-yillarda mamlakat OTMlariga qabul kvotalari tasdiqlandi. Bu haqda “Gazeta.uz” “O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot 24” dasturiga tayanib xabar qildi.

Umumiy qabul kvotasi qariyb 8500 nafarga oshib, 78 701 dan (grant bo‘yicha — 19 725, to‘lov-kontrakt — 58 976) 87 165 taga (19 240, 67 925) yetdi.

Bakalavriat kunduzgi bo‘limlariga 1714 nafar talaba ko‘proq qabul qilinib, jami 69 460 nafarga yetadi (o‘tgan yili — 67 746). Ularning 17 669 nafari grant, 51 791 nafari shartnoma asosida qabul qilinadi.

Magistraturaga qabul kvotasi qariyb 1000 nafarga oshib, 5940 (5000) nafarga yetadi. Ularning 1556 nafari (o‘zgarishsiz) grant bo‘yicha tahsil olsa, 4384 nafari (3444) shartnoma asosida o‘qiydi.

Bakalavriatning maxsus sirtqi bo‘limlariga qabul soni qariyb ikki barobarga oshib, 11 765 nafarga yetkazildi (o‘tgan yili — 5955). Ularning 15 nafari (o‘zgarishsiz) grant asosida tahsil olsa, 11 750 nafari (5940) shartnoma bo‘yicha ta’lim oladi.

Qaror bilan bakalavriatda 16 ta (biznes-informatika, yorug‘lik texnikasi, biotibbiy fizika va boshqalar), magistraturada esa 18 ta (raqamli iqtisodiyot, yarim o‘tkazgich materiallar nanotexnologiyasi, sug‘urta auditi va boshqalar) yangi yo‘nalish va mutaxassisliklar joriy etilmoqda.

“Maktabgacha ta’lim” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash (bakalavriat) to‘rt yil emas, balki uch yil amalga oshiriladi. Xorij tajribasi va kadrlarga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida ushbu qaror qabul qilindi. O‘quv rejalari va dasturlariga yangicha malaka talablari tayyorlanmoqda. Asosiy urg‘u bilimlarni mustaqil egallashga qaratiladi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialida “Tibbiy-profilaktika ishi” yo‘nalishi bo‘yicha talabalarni qabul qilish qayta yo‘lga qo‘yiladi. Yangi o‘quv yilida 100 nafar talaba, jumladan 10 talaba grant asosida qabul qilinadi.

Sirtqi va kechki bo‘limlarga qabul kvotalari bir oy ichida tayyorlanishi lozim. Ular bakalavriatga umumiy qabulning 30 foizigachasini tashkil etadi.

Qarorda OTMlar va potensial ish beruvchilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Endilikda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kadrlar buyurtmachilari bilan har yili o‘quv yili boshlangunga qadar OTMlarning o‘quv rejalari va dasturlarini ko‘rib chiqadi. Bitiruvchilar ko‘nikma va malakalaridagi kamchiliklar har chorakda kamida bir marta ish beruvchilar bilan birgalikda muhokama qilinadi.