475 276 nafar o’quvchi 9-sinfni bitirdi

475 276 nafar o’quvchi 9-sinfni bitirdi

Joriy yilda respublikamizdagi 9628 ta umumta’lim maktablarining 475276 nafar 9-sinf bitiruvchilarini 11 yillik ta’lim tizimining 10-sinfiga va akademik litseylarning birinchi bosqichiga qamrab olinadi. Bu haqida O‘zbekistоn Respublikаsi Хаlq ta’limi vаzirligi xabar bermoqda.

2017-2018 o‘quv yilining yakuniga bag‘ishlangan tadbirlar “Qadrdon maktabimiz bag‘rida o‘qib-o‘rganish, doimo izlanish, yangilikka, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashaymiz!” shiori ostida o‘tkaziladi.

Tadbirlar joriy yilning 25 may kuni respublikamizning barcha maktablarida ertalab soat 08:30 da boshlanadi va soat 10:00 da yakunlanadi.

Tadbirning asosiy g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Dunyoda eng katta boylik-yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir” degan iboralarining mazmun-mohiyatini o‘quvchi-yoshlarga yetkazish, yoshlar ongida Vatanga muhabbat, keksa avlod vakillariga hurmat, tinchlik va osoyishtalikka daxldorlik tuyg‘ularini kuchaytirishga qaratiladi.

Tadbirlarda 2017-2018 o‘quv yilini yakunlash, kelgusi o‘quv yilidan boshlang‘ich sinflarda haftasiga 5 kunlik o‘qish tizimiga to‘liq o‘tilishi to‘g‘risida ota-onalar, mahalla va keng jamoatchilikka yetkazish, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim tizimining mazmun-mohiyatini o‘quvchi yoshlarga tushuntirish, ushbu ta’lim tizimi jarayonida o‘quvchilarning turli kasb egalari bo‘lish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berishga e’tibor qaratiladi.

Tadbirlarda o‘quv yili davomida respublika va xalqaro fan olimpiadalari, musiqa tanlovlari va sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan, bilimlar bellashuvi, innovatsion olimpiada va “Umid niholari”da faol qatnashgan o‘quvchilar, a’lo baholarga o‘qigan, namunali xulqqa ega bo‘lgan, bosqichli nazorat imtihonlaridan ozod bo‘lgan yoshlar faxriy va maqtov yorliqlari bilan taqdirlanadi.

Yozgi ta’til kunlarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri va mazmunli tashkil qilish maqsadida ularni ijodiy va sport to‘garaklari hamda dam olish oromgohlariga jalb etish; ta’til davrida o‘quvchilarni badiiy adabiyotlarni keng mutolaa qilishlarini tizimli tashkil etish, bu borada mavjud kutubxonalar imkoniyatlardan unumli foydalanish; ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar doirasida mamlakatimizning diqqatga sazovor joylariga oilaviy sayohatlar va dam olishlarini tashkil etish; yoz mavsumida suv havzalarida cho‘milish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish, yovvoyi va uy hayvonlari bilan muomalada ehtiyotkor bo‘lish yuzasidan tushunchalar beriladi.

O‘tkaziladigan tadbirlarda maktab va o‘quvchi-yoshlar hayotiga mos bo‘lmagan ortiqcha dabdababozlikni cheklash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2017-2018- o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan tadbirni o‘tkazish yuzasidan tavsiya.