Test o`tkazish qoidalari

Test o`tkazish qoidalari

Test sinovlari kunduzgi va maxsus sirtqi bo‘limlar uchun 1 avgustda o‘tkaziladi.

Oliy ta’lim muassasasida tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab abituriyentlar tegishli ravishda ikki yoki uch fan majmualari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadilar.
 

“Jurnalistika”, “Xalqaro jurnalistika” va “Nutq madaniyati va notiqlik san’ati” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda (0 bilan 75,6 ballgacha bo‘lgan oraliqda baholanuvchi) ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.

Test topshiriqlari o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.

Majmuaning har bir fani 36 topshiriqni o‘z ichiga oladi.

Quyidagi vaqt me’yorlari belgilanadi:
a) 72 savolga — 2 soat;
b) 108 savolga — 3 soat.

Majmualar quyidagi fanlar bo‘yicha shakllanadi:
1. Ona tili va adabiyoti: o‘zbek tili va adabiyoti
2. Ona tili va adabiyoti: rus tili va adabiyoti
3. Ona tili va adabiyoti: qoraqalpoq tili va adabiyoti
4. Matematika (informatika bilan)
5. Fizika
6. Kimyo
7. Biologiya
8. Tarix
9. Geografiya
10. Chet tili: ingliz tili
11. Chet tili: nemis tili
12. Chet tili: fransuz tili

“Matematika (informatika bilan)” fanidan test savollari “Matematika” fani bo‘yicha birinchi 30 ta savol, “Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha oxirgi 6 ta savoldan iborat bo‘ladi.

Test sinovlari boshlanishiga qadar 30 daqiqagacha abituriyentlar javoblar varaqasini to‘g‘ri to‘ldirish tartibi bilan tanishadilar va uning tegishli joyiga o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozadilar. Bu vaqt test o‘tkazish uchun ajratilgan vaqt me’yoriga kirmaydi.

Test sinovlarini tashkil etish va ularni joylarda adolatli o‘tkazish mas’uliyati test sinovlari qoidalariga qat’iy rioya etgan holda Davlat test markazi vakillari, oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari raislari, hokimliklar va ular tomonidan tayinlanadigan auditoriyalarning rahbarlariga yuklanadi.

Test sinovi sinov o‘tadigan xonada sinovni o‘tkazish qoidalari talablariga qat’iy rioya etilgan tarzda to‘g‘ri va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat auditoriya rahbari va kuzatuvchisi zimmasiga yuklanadi.

Test sinovi ertalab soat 8 dan 30 daqiqa o‘tganda boshlanadi.

Javoblar varaqasi abituriyent tomonidan havo rang pastasi bo‘lgan sharikli ruchka bilan to‘ldiriladi.

Javoblar varaqasini to‘ldirishga test sinovi uchun belgilangan vaqt me’yoriga qo‘shimcha 20 daqiqa ajratiladi.

Javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun abituriyent shaxsan javobgardir. Javoblar varaqasidagi tegishli doirachalarni noto‘g‘ri belgilagan abituriyentlarning e’tirozi ko‘rib chiqilmaydi.

Abituriyent tomonidan uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirish va foydalanish qat’iy man etiladi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan binoga kirishda abituriyent mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan bo‘lsa, test sinovlari davomida test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki yordam bersa, test sinovi uchun ajratilgan vaqt tugaganidan keyin test materiallarini topshirishdan bosh tortsa, test materiallarini auditoriyadan tashqariga chiqarsa, abituriyent test sinovlarini o‘tkazish tartibini buzgan hisoblanadi va Davlat test markazi vakili yoki auditoriya rahbari va kuzatuvchilari tomonidan dalolatnoma tuzilib, u test jarayonidan chetlashtiriladi.

Test sinovi jarayonida abituriyent tomonidan savollar kitobi varag‘i yirtib olinganligi aniqlansa, test sinovlarini topshirish qoidalari buzilgan hisoblanadi va test sinovidan chetlashtiriladi.

Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.

Test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyent test sinovlari natijasi e’lon qilingan kundan boshlab o‘n besh kun davomida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasiga yozma tartibda apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega.

MANBA: Davlat test markazi