Bu yilgi test sinovlari qanday boladi: Davlat test markazi izohi

Bu yilgi test sinovlari qanday boladi: Davlat test markazi izohi

Milliy matbuot markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Prezidentimizning 2017-yil 16-noyabrdagi respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi xususida so‘z yuritildi.

Qarorga asosan, oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kirish uchun o‘tkaziladigan test sinovlari bo‘yicha katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu o‘zgarishlar bo‘yicha Davlat test markazida boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda keng qamrovli ishlar olib borildi. Kompleks chora-tadbirlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi.

Endilikda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari 15 kunda, har kuni ikki smenada o‘tkaziladi. Kunlik test topshiruvchi abituriyentlar soni o‘rtacha 57000-60000 tani tashkil etadi. Test materiallari kitob tiplari asosida tayyorlanib, bitta tipdagi fanlar majmuasiga mos keluvchi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkazib boriladi.

Natijalarni test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilish uchun javoblar varaqasini tezkor o‘qiydigan 2 dona "iNSIGHT 150" optik skaneri xarid qilinmoqda. Bu borada AQSh kompaniyasi bilan shartnoma tuzildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida test sinovlarini o‘tkazish uchun katta sig‘imdagi pavilyonlar, ko‘p o‘rinli binolar, kollejlar, tashkilotlarning sig‘imi katta binolari o‘rganib chiqilib, ulardan jami 57 ta bino tanlab olindi. Ularning eng kichigi 240, eng kattasi 6150 o‘rinlidir.

Bu yil test sinovlariga 2100 nafarga yaqin nazoratchi jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Ular uchun seminar mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Tanlab olinganlarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.

Abituriyent binoga shaxsni identifikatsiyalash vositasi, videofiksatsiya qurilmalari, metallodetektor orqali kiritiladi. Test jarayoni uzluksiz videokuzatuv ostida o‘tadi. Hozirda binolarni yetarli miqdorda stol-stul, yozuv taxtasi (doskalar) hamda texnik vositalar bilan ta’minlash, o‘rnatish borasida dastlabki bosqich ishlar yakunlandi. Abituriyentlarning ota-onalari test sinovi jarayonini muntazam kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davlat test markazidagi shtatlar soni 150 taga ko‘paytirildi. Muassasada bosh boshqarma, boshqarmalar hamda bo‘limlardan iborat yangi tuzilmalar amalda bo‘ladi. DTMning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardagi bo‘limlariga 35 ta shtat birligi ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom qayta ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3 apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlandi. Unda test sinovini o‘tkazish bilan bog‘liq atamalarga izoh berilgan. Auditoriya, auditoriya rahbari atamalari uchramaydi. Oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi test sinovi jarayonlarida ishtirok etmaydi, rais va mas’ul kotib bundan mustasno. Test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim uchun har yilning 1 avgustidan 15 avgustigacha bo‘lgan muddatda, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Birinchi smena soat 8:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi. Test sinovlari o‘tkaziladigan sana va vaqt Abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatiladi. O‘tkazilgan test sinovi bo‘yicha video yozuvlar Davlat test markazida saqlanadi.

Savollar kitobida 3 ta fandan test sinovi topshiriladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun 90 ta, 2 ta fandan test sinovi topshiriladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun 60 ta, 1 ta fandan 30 ta savol bo‘ladi. Test topshiriqlarini bajarish va javoblar varaqasini to‘ldirish uchun 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 60 ta test topshirig‘iga 2 soat, 90 ta test topshirig‘iga 3 soat vaqt ajratiladi. Test sinovi o‘tkazilmaydigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha alohida iste’dod talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati shakllantirildi va tegishli tashkilotlarga topshirildi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari savollariga batafsil javob qaytarildi.

Manba: O’zA