Shavkat Mirziyoyev: O‘quvchilar ta’limning asosiy qismini elektron vositalar orqali olishi kerak

Shavkat Mirziyoyev: O‘quvchilar ta’limning asosiy qismini elektron vositalar orqali olishi kerak

Davlatimiz rahbari Yashnobod tumanidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning yangi binosi quriladigan maydonda qurilish loyihasi bilan tanishdi. Bu haqida O’zA xabar bervoqda.

Мазкур maktab binosi Prezidentining 2017 yil 14 sentabrdagi «Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qurilmoqda.

Qurilish-montaj ishlari “Yuksak parvoz qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshiriladigan maktab 1 ming 470 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, yurtimizning boshqa hududlaridan kelib o‘qiydigan o‘quvchilar uchun 300 o‘rinli yotoqxona ham quriladi. Maktabda o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun barcha sharoit yaratiladi. Jumladan, mustaqil ishlashi, qobiliyatini rivojlantirishi uchun maxsus uskunalar bilan jihozlangan qo‘shimcha xonalar, auditoriyalar, zamonaviy tabiiy fanlar laboratoriyalari, informatika xonalari, robototexnika ustaxonalari hamda sport maydonchalari hamda suzish havzasi barpo etiladi.

Shuningdek, har biri 500 o‘ringa mo‘ljallangan faollar zali, oshxona hamda 20 ming kitob fondiga ega kutubxona o‘quvchilar ixtiyorida bo‘ladi. Maktabga 110 nafar pedagog va tajribali soha mutaxassislari jalb etiladi.

Mazkur ixtisoslashtirilgan maktabning tashkil etilishi mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash, yoshlarni buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar etib tarbiyalash va zamon talablariga javob beradigan mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.

– Eng yaxshi mutaxassislar tayyorlaydigan markaz shu yerda bo‘ladi. Ushbu maktabga viloyatdan iqtidorli bolalarni tanlov asosida qabul qilish lozim. Bu yerda shunday muhit yaratish kerak-ki, ular ta’limni asosan elektron vositalar orqali olsin, – dedi Prezidentimiz.