Andijonda interaktiv doska yaratildi

Andijonda interaktiv doska yaratildi

Andijon viloyatidagi “Ma’rifat zukko servis” korxonasi o’tgan yili faoliyat boshlagan edi. Shu qisqa fursat ichida yoshlar, xususan, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun aqliy hisoblash uskunasini yaratdi. Bu haqida “Xalq so’zi” gazetasi xabar bermoqda.

— Mazkur uskuna magnit doskadan iborat bo’lib, bog’cha tarbiyalanuvchilari intellektual salohiyatini oshirish uchun juda foydali, — deydi korxona rahbari Kozimjon Sattorov. — Bu texnogiya yordamida dastlab harf va raqamlarni taniy boshlaydi, keyin esa sanashni, hisoblashni, qo’shib o’qishni o’rganadi. Bundan tashqari, turli mahsulotlarni yig’ish hamda ranglarni farqlashni ham o’zlashtiradi. Uskunamizga xaridorlar ko’p. Bugungi kunga qadar viloyatimiz bo’yicha 80 dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasalariga o’z mahsulotimizni etkazib berdik.

E’tiborlisi, ayni paytda korxona mahsulotlari qo’shni Qirg’iziston Respublikasiga buyurtma asosida etkazib berilayotir. Kelgusida mazkur innovatsion texnologiyaga qiziqish bildirayotgan o’nga yaqin davlatlarga ham eksport qilish ko’zda tutilgan.