2018 yilda test sinovlarining javobi bir kunda chiqadi

2018 yilda test sinovlarining javobi bir kunda chiqadi

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab test jarayoni 15 kun davomida o‘tkaziladi va uning javoblari imtihon yakunlangan kundan keyingi kunda chiqadi. Bu haqda Davlat test markazi direktori Majid Karimov «Yoshlar» telekanalining "Davr hafta ichida"ga bergan intervyusida 15 oktyabr kuni ma’lum qildi.

«Test sinovlari shaffof va haqqoniy o‘tishini ta’minlash maqsadida ushbu tizimni takomillashtirish hamda abituriyentlar, ota-onalarga yengilliklar tug‘dirish maqsadida mavjud tizimni isloh qilish talab etildi. Bu bo‘yicha hozirda katta ishlar olib borilyapti. Ya’ni, yangi 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, test jarayonini bir kunda emas, 15 kun davomida o‘tkazish, test materiallarini abituriyentlarning o‘ziga berish, natijasini esa imtihonning ertasiga e’lon qilish vazifalari qo‘yilgan. Shuningdek, test jarayonini katta pavilon, sport majmualarida o‘tkazish, oshkoralikni ta’minlash uchun videokuzatuv hamda onlayn translyatsiyalarni tashkil qilish vazifalari ham qo‘yilgan», - dedi DTM rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu talab markaz oldiga davlat rahbari tarafidan qo‘yilgan.