Milliy test tizimi uchun onlayn ro‘yxatga olish boshlandi

Milliy test tizimi uchun onlayn ro‘yxatga olish boshlandi

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-oktabrdagi 646-son qarorida 2020-yil 1-dekabrdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etilishi belgilangan. Bu haqida Davlat test markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:

  • 2020-yil 1-dekabrda ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha;
  • 2021-yil 1-fevralda kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha;
  • 2022-2024-yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari bo‘yicha.

2020-yil 1-dekabr kuni ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha talabgorlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi.

Talabgorlarni onlayn ro‘yxatga olish my.dtm.uz sayti orqali 20-dekabrga qadar davom etadi.

Qarorda test sinovida ishtirok etish uchun talabgordan bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undirilishi belgilangan.

Sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.

2021-2022-o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.