Abituriyentlarni bu yil qanday sinovlar kutmoqda?

Abituriyentlarni bu yil qanday sinovlar kutmoqda?

Tez orada o‘quvchi-yoshlar umumta’lim maktablari, litseylarni tamomlab oliy ta’lim muassasalariga test topshirish harakatiga tushib qoladi. Ularni bu yil qanday sinovlar kutib turibdi?

Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yilgi qabul va test jarayonlarini yanada soddalashtirish ishlari olib borilayapti.

Davlat test markazi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, karantin cheklovlari tufayli abituriyentlar kirish test sinovlariga kutilganichalik tayyorgarlik ko‘ra olmagan. Shu bois ular uchun bu yil imtihonlarda yengiliklar yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Bunda fanlar kesimida har bir variantda qo‘llaniladigan birinchi qiyinlik darajasidagi (eng oson) test topshiriqlari soni 6 tadan o‘rtacha 10 tagacha yetkazilmoqda. Abituriyentlarning test topshiriqlarini tez anglay olishi, fikrlashlari va vaqt tejashlari uchun joriy yilda ham tarix, geografiya, chet tili (ingliz, nemis, fransuz), biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari bo‘ladi.

Shuningdek, ona tili va adabiyot fanidan mustaqil o‘qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan test topshiriqlari soni ko‘payadi. Matn tarkibidagi so‘zlar to‘g‘ri qo‘llanilganligi, gaplar to‘g‘ri shakllantirilganligini aniqlash, ma’nosini topish va asosiy mazmunini tushunish yuzasidan test topshiriqlari shakllantirilayapti.

Ma’lum qilinishicha, kimyo fanidan nazariy savollar soni oshiriladi, laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlari yaratiladi. Fizika fanidan ham eng oson test topshiriqlari soni o‘ntagacha oshiriladi va nazariy test topshiriqlar soni ko‘paytiriladi. Shuningdek, abituriyentlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Doimiy fizik kattaliklar jadvali” ishlab chiqildi, u test sinovi jarayonida taqdim etiladi.

Muhim yangiliklardan biri, abituriyentlarni ro‘yxatga olishda kiritiladigan ma’lumotlar kamaytiriladi. Uyidan chiqmagan holda mobil telefon yoki kompyuter orqali ro‘yxatdan o‘tish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali onlayn rejimda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ayni paytda dtm.uz saytida yaratilgan dastur test rejimida ishlayapti. Abituriyentlar tajriba sifatida ro‘yxatdan o‘tib ko‘rishi mumkin.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 14 maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan belgilangan muddat va 2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki bo‘limga ajratib, birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi, ikkinchi bo‘limga abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritilishi aniq.

Har qanday vaziyat va sharoitda ham oliy ta’lim muassasalariga bu yilgi kirish test sinovlari o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Matbuot xizmatining qayd etishicha, muhim qarorni Respublika maxsus komissiyasi chiqaradi.
Bu tez kunlarda bo‘lishi kutilmoqda.

Manba: UzA