Shavkat Mirziyoyev geologiya bo’yicha yangi universitet kampusining tamal toshini qo‘ydi

Shavkat Mirziyoyev geologiya bo’yicha yangi universitet kampusining tamal toshini qo‘ydi

Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar kuni Toshkentning Olimlar ko‘chasidagi ilmiy-tadqiqot institutlariga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston tabiiy resurslarga boy bo‘lib, ularni tadqiq qilib, samarali o‘zlashtirish uchun geologiya birlamchi asos. Shu sababli Prezident bu sohani alohida nazoratiga olib, uning rivojlantirish asoslarini yangidan tashkil etib bermoqda.

Bugungi kunda yer qa’rini geologik o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimidagi 4 ta muassasa – Geologiya va geofizika instituti, Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti, Mineral resurslar instituti, Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti tomonidan olib boriladi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan mazkur institutlar negizida yaxlit majmua – zamonaviy universitet tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar kuni ushbu yangi universitet kampusiga tamal toshi qo‘ydi.

Ta’kidlanishicha, mazkur muassasa ta’lim va ilm-fan klasteri shaklida bo‘ladi. 4 ta institutning moddiy-texnik bazasi va ilmiy kadrlar salohiyati birlashtirilib, eng ilg‘or uskunalar bilan jihozlanadi. Sankt-Peterburg tog‘-kon universiteti va boshqa nufuzli dargohlar bilan hamkorlikda ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.