Toshkentda Parij Xalqaro moda akademiyasi bilan hamkorlikda qo‘shma fakultet ochildi

Toshkentda Parij Xalqaro moda akademiyasi bilan hamkorlikda qo‘shma fakultet ochildi

29 sentyabr kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Parij Xalqaro moda akademiyasi bilan hamkorlikdagi qo‘shma fakultet tantanali ravishda ochildi. Bu haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirli ma'lum qildi.

Tadbirda Parij Xalqaro moda akademiyasining prezidenti janob Jan-Filip Vukler, akademiya direktori Karina Andres xonim, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Qo‘ng‘irot Sharipov, institut jamoasi va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Jahonga mashhur Parij Xalqaro moda akademiyasi bilan hamkorlikdagi qo‘shma fakultetga 50 nafar talaba qabul qilindi. O‘quv jarayoni xalqaro ilg‘or tajribalar asosida hamkorlar tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari bo‘yicha o‘zbek va fransuz professor-o‘qituvchilari tomonidan olib boriladi.

Mazkur xalqaro qo‘shma fakultetda talabalar to‘rt yil tahsil oladi, o‘quv jarayonlari va amaliyotning bir qismi Fransiyada bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan. Bitiruvchilarga Parij Xalqaro moda akademiyasi hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining diplomlari beriladi.