Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali tashkil etildi

Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali tashkil etildi

O‘zR Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 iyuldagi 573-sonli qarori bilan Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali tashkil etildi. Bu haqida Oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.

Qarorga muvofiq, kimyoviy texnologiyalar sohasida malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, korxonalarning muammolarini hal etishga qaratilgan innovatsion tadqiqotlarni faol rivojlantirish Filialning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

O‘zR ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 2019 yil 4 iyuldagi 1-son bayoni bilan 2019 yilda tashkil etilgan respublika OTMlarining filiallari qatori TKTI Yangiyer filialiga ham 2019/2020 o‘quv yilida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametri tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, TKTI Yangiyer filialiga bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun 175 ta qabul kvotasi ajratilgan:


- Kimyoviy texnologiya: noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi – 50 ta;
- Kimyoviy texnologiya: qurilish materiallar texnologiyasi – 50 ta;
- Texnologik mashina va jihozlar (kimyo sanoati) – 50 ta;
- Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqaruv (tarmoqlar bo‘yicha)- 25.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda OTMlar soni 110 taga yetdi. Shundan:


- 91 ta mahalliy OTM va ularning filiallari;
- 19 ta xorijiy OTM va ularning filiallari.

Bugungi kunda respublikadagi 92 ta OTMlarida o‘quv-tarbiya jarayonlari olib borilmoqda, 18 ta OTMga talabalar 2019/2020 o‘quv yilidan qabul qilinadi.