«Temurbeklar maktabi»ning bitiruvchilari oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinadi

«Temurbeklar maktabi»ning bitiruvchilari oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinadi

O’zbekiston Prezidenti Farg‘ona shahridagi «Temurbeklar maktabi»ni borib ko‘rdi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati. Davlat rahbarining 2017-yili qabul qilingan «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoniga mevofiq, sarkarda Amir Temurning mardligi va vatanparvarligi, jasorati va adolatparvarligini yoshlarimizga o‘rnak qilish maqsadida mamlakatimizdagi barcha harbiy litseylarga «Temurbeklar maktabi» deb nom berildi.

Farg‘onadagi «Temurbeklar maktabi»da ta’lim-tarbiya ishlari shu asosda yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda bu yerda 437 o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 31 nafar pedagog xodim va 22 nafar harbiy saboq bermoqda.

Maktab yoshlarni Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy bilim yurtlari va boshqa o‘quv muassasalariga aniq fanlarga chuqurlashtirilgan holda tayyorlashga ixtisoslashgan. O‘quvchilar darsdan bo‘sh vaqtini foydali o‘tkazishi uchun turli fan va sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Prezident «Temurbeklar maktabi»ni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizimni belgilab berdi. Unga ko‘ra, bu maktablarga yoshlar cheklangan miqdorda tanlab olinadi, o‘quvchilar zamonaviy axborot texnologiyalari va kamida ikkita xorijiy tilni puxta o‘rganadi, jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanib, har tomonlama barkamol, yoshlar orasida yetakchi bo‘lib shakllanadi. Ushbu maktablar bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi.