O‘zbekistonda qabul kvotalari kamida 20 foizga oshiriladi

O‘zbekistonda qabul kvotalari kamida 20 foizga oshiriladi

Joriy yilda mamlakat oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari 2017/2018 o‘quv yiliga nisbatan kamida 20 foizga oshiriladi. Bu muhokama uchun e’lon qilingan 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.

Mahalliy nashrlarningbergan ma’lumotlariga ko‘ra, buning uchun davlat byudjeti va to‘lov-shartnoma mablag‘lari hisobidan 91 milliard so‘m sarflanadi.

Bu loyihada fuqarolarning oliy ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining faol a’zolarini oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish uchun tavsiyanoma olgan abituriyentlar hamda haqiqiy harbiy xizmatni o‘tagan va tegishli sertifikatni olgan yigitlarni oliy ta’lim muassasasiga alohida kvotalar bo‘yicha qabul qilish nazarda tutiladi.

Shuningdek, xorijiy universitetlarda zarur mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olish va kadrlar malakasini oshirish ishlarini kengaytirish uchun 30 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Rejaga ko‘ra, kadrlar malakasini oshirish maqsadida eng nufuzli xorijiy ta’lim muassasalarini o‘rganib, ular bilan uzoq va o‘rta muddatli tegishli bitimlar tuzish ko‘zda tutilgan. Xorijga o‘qitishga yuboriladigan iqtidorli va istiqbolli mutaxassislarni tanlab olish tartibi tuziladi, mutaxassislarning xorijda ta’lim olishi va malakasi oshirilishini tizimli ravishda amalga oshirish, ularni davlat byudjeti va homiylar mablag‘lari hisobidan xorijga yuborish chora-tadbirlari ishlab chiqiladi.