Toshkentda "MGIMO" filiali ish boshlaydi

Toshkentda "MGIMO" filiali ish boshlaydi

Joriy yilning sentyabr oyidan O‘zbekistonda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) filiali ish boshlaydi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Abdujabbor Abduvohidovning mamlakatimizga Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti delegatsiyasiga boshchilik qilib kelgan mazkur oliy ta’lim muassasasining prorektori Artyom Malgin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda bahorda Toshkent shahrida "MGIMO" bitiruvchilarining V Xalqaro forumini o‘tkazish va institut filialini ochish bilan bog‘liq amaliy jihatlar muhokama qilindi.

«Birgalikda kelajak sari» nomli "MGIMO" bitiruvchilarining Birinchi Umumjahon forumi 2013 yilda Boku shahrida o‘tkazilib, unda mazkur ta’lim muassasasining 25 davlatdan kelgan 400 ga yaqin bitiruvchisi ishtirok etgan. Umuman, "MGIMO" bitiruvchilari assotsiatsiyasi kontakt bazasi 50 ming ismdan tashkil topgan.

Toshkent shahrida "MGIMO" filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi, jumladan binoni ta’mirlash va o‘quv anjomlari bilan ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

"MGIMO"ning Toshkent filiali joriy yilning sentyabr oyidan bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha to‘laqonli faoliyat ko‘rsata boshlashi rejalashtirilmoqda.