Armiyada xizmat qilgan abituriyentlar uchun imtiyozlar qayta ko‘rib chiqiladi

Armiyada xizmat qilgan abituriyentlar uchun imtiyozlar qayta ko‘rib chiqiladi

Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan abituriyentlar uchun OTMga kirishda alohida kvotalar ajratish taklif etilmoqda. Bu haqida Газета.uz nashri xabar bermoqda.

O‘zbekistonda Quroli Kuchlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan abituriyentlar uchun OTMlarga imtiyozli kirish shartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi loyihasida so‘z boradi.

1 mayga qadar harbiy xizmatni o‘tagan abituriyentlarga tegishli o‘quv yili uchun tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari doirasida alohida kvotalar ajratish va test sinovlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Bundan tashqari, unda harbiy qism komandirining tavsiyanomasi faqat harbiy oliygohlar uchun imtiyozga ega bo‘lishi nazarda tutiladi.

Hozirda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qismdan tavsiyanomaga ega abituriyentlar umumiy tanlov doirasida kirish imtihonlari yakunlari bo‘yicha to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha balga ega bo‘ladi.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «Gazeta.uz"ga bergan intervyusida bunday tartib u yoki bu mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga hozirlik ko‘rayotgan qizlar va boshqa abituriyentlar huquqlariga dahl qilishini aytib o‘tgan edi.