Buxoro tibbiyot instituti talabalari Turkiyada uch yil o‘qishlari mumkin

Buxoro tibbiyot instituti talabalari Turkiyada uch yil o‘qishlari mumkin

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti va Turkiya sog‘liq bilimlari universiteti ikki davlat o‘rtasida amalga oshirilayotgan teng huquqli va o‘zaro manfaatli, qonunlar, qoidalar, qarorlar va milliy siyosat muvofiq sherikchilik aloqalarini o‘rnatish va akademik hamkorlikni amalga oshirishga qaratilgan memorandum imzoladi, deb xabar berdi “Xalq so‘zi Online”.

Hujjatga ko‘ra, endilikda Buxoro oliygohi talabalar almashinuv asosida Turkiyada ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Turkiyada o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalari o‘z oliygohida uch yil ta’lim olgan bo‘lishi va bu davrda o‘rtacha semestrlar davomida to‘plagan ballari 75 foizlik ko‘rsatkichni tashkil qilgan bo‘lishi kerak. O‘rtacha balli 75 balldan oshgan talabalar tanlov dasturiga ariza berishi mumkin bo‘ladi. Tanlovdan o‘ta olgan talabalar qolgan uch yillik ta’limni Turkiya universitetida davom ettiradi.

Shuningdek, mazkur memorandumda tomonlar uzluksiz ta’lim va boshqa ta’lim dasturlari; simpoziumlar, xalqaro uchrashuvlar, konferensiyalar va seminarlar tashkil etish; kreditlar va zamonaviy dasturlar bilan bo‘lishish; memorandumning 6 yillik amal qilish davri mobaynida doktoranturada ta’lim olayotganlardan 10 nafarining stajirovkalari tashkil etish; olimlarning akademik harakatiga, tibbiyot sohasida ishlayotganlarga, stomatologiya va boshqalar yo‘nalishlarga ko‘maklashish; qisqa muddatli laboratoriya va shu kabi tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldi.