Shvetsiya ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha global reytingda birinchi o‘rinni egalladi

Shvetsiya ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha global reytingda birinchi o‘rinni egalladi

Dunyodagi eng yirik xususiy o‘quv muassasasi EF Education First ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha har yillik global reytingni taqdim etdi. U 88 mamlakat va mintaqalarda yashovchi, ona tili ingliz tili bo‘lmagan 1,3 million kishi bo‘yicha ma'lumotlarga asoslangan, deb yozadi KUN.uz nashri.

«EF EPI tadqiqotimiz shuni ko‘rsatadiki, davlatlar va alohida shaxslar ingliz tilini o‘rganishga sarmoya kiritishda davom etyapti, bunda til raqobatbardoshlikning dastaklaridan biri sifatida muhimligi tan olinmoqda», - deya aytib o‘tdi EF’ning tadqiqotlar bo‘yicha katta direktori doktor Minx N. Tran.

Uning so‘zlariga ko‘ra, EF ushbu reytingni e'lon qila boshlagach, u hukumatlar, kompaniyalar va o‘qituvchilar uchun ingliz tili ko‘nikmalarini muhokama qilishda de-fakto o‘ziga xos ko‘rsatkichga aylandi.

Reytingda birinchi o‘rinni Shvetsiya egalladi, ikkinchi - Niderlandiya, uchinchi - Singapur.

Ulardan tashqari, birinchi 12 o‘rinni (juda yuqori darajadagi mamlakatlar) Norvegiya, Daniya, JAR, Lyuksemburg, Finlyandiya, Sloveniya, Germaniya, Belgiya va Avstriya egalladi.

13 dan 27 gacha bo‘lgan pozitsiyalar daraja shunchaki yuqori bo‘lgan davlatlarga berildi. Ular orasida Polsha, Chexiya, Malayziya, Gretsiya, Bolgariya, Argentina va boshqalar bor.

28 dan 44 gacha bo‘lgan o‘rinlardan o‘rtacha darajadagi mamlakatlar joy oldi - Fransiya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Belarus, Rossiya, Ukraina va boshqalar.

45 dan 65 gacha bo‘lgan pog‘onalar past darajadagi mamlakatlar bilan band. Bular Braziliya, Gruziya, Xitoy, Pokiston, Misr, Indoneziya va boshqalar.

So‘nggi o‘rinlarni (65 dan 88 gacha) ingliz tilini bilish darajasi juda past bo‘lgan mamlakatlar egalladi - Eron, Ozarboyjon, Suriya, Qozog‘iston, Jazoir, Turkiya, Gonduras va boshqalar. O‘zbekiston 86-o‘rinni egalladi, Iroq - 87, Liviya - 88.

Ma'lumot uchun: Education First xalqaro ta'lim markaziga 1965 yilda asos solingan. EF dunyodagi eng yirik xususiy o‘quv muassasasi hisoblanadi, uning filiallari jahonning 100 dan ortiq davlatida faoliyat yuritadi.