Janubiy Koreyaning Adju universiteti Toshkentda filial ochishni rejalashtirmoqda

Janubiy Koreyaning Adju universiteti Toshkentda filial ochishni rejalashtirmoqda

“Toshkentdagi Adju universiteti texnik bilimlar va innovatsiya markaziga aylanishiga umid qilamiz va ishonamiz”, – deya taʼkidladi Adju universiteti Xalqaro aloqalar boʻyicha vitse-prezidenti Jay Ik Lim.

Joriy yilning 29-oktabr kuni Moliya vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov Adju universiteti (Janubiy Koreya) vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Adju universitetining Xalqaro aloqalar boʻyicha vitse-prezidenti Jay Ik Lim, Xalqaro aloqalar boʻyicha professor Jun Xung Cho, xalqaro aloqalar boʻlimi direktori Jay-Yun Xim xonim ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida Toshkentda Adju universiteti kampusi va filialini ochish masalasi muhokama qilindi.

Maʼlum qilinishicha, tashkil etilishi kutilayotgan filialda talabalar arxitektura, elektron muhandislik, muhandislik tizimlarini qurish kabi yoʻnalishlarda tahsil olish imkoniga ega boʻlishadi.

Lim janoblarining aytishicha, talabalarni qabul qilish 2019-yilning kuzida boshlanishi kutilmoqda va qabul kvotasi 420 talabaga moʻljallangan. Darslar ingliz tilida olib boriladi. Shuningdek, 2020-yil sentyabr oyidan oʻquv dasturiga koreys tilini kiritish koʻrib chiqilmoqda.

Oʻz navbatida, Moliya vazirligi ushbu loyihani amalga oshirishga kompleks yordam berishga tayyorligini maʼlum qildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston hukumati talabalar uchun grant dasturlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekiston taʼlim tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikning boshqa masalalarini ham muhokama etdilar.

Maʼlumot uchun: Adju universiteti (Ajou University) 1973-yilda tashkil etilgan va dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri sifatida tan olingan. Universitetda 14 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Universitet oʻzining innovatsion xalqaro dasturlari va xorijlik talabalarni keng qoʻllab-quvvatlashi uchun eʼtirof etilgan.

Adju universiteti texnika, tibbiyot va axborot texnologiyalari sohalariga chuqur ixtisoslashgan boʻlib, dunyoning 58 mamlakatining 200 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari hamkorlik qiladi.

Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi