Xalq ta’limi vazirligining www.uzedu.uz rasmiy veb saytida 2018 yil 6 avgustda e’lon qilingan AKTni joriy etish yo‘lida davlat-xususiy sherikchiligi ko‘rinishida hamkorlik qilish taklifiga asosan kelib tushgan arizalarni o‘rganish natijasida Rossiya kompaniyasining tashabbusi ma’qullandi.

Ushbu loyihani amalga oshirishda «Dnevnik.ru"ning O‘zbekistondagi vakili «Kundalik» kompaniyasi ishtirok etadi va barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olgan holda mazkur tizimni joriy qilish, faoliyatini ta’minlash va rivojlantirish ishlarini olib boradi.

«Kundalik» loyihasi O‘zbekistondagi maktablarda fanlarni o‘zlashtirish darajasi va davomatni qayd etish tizimini joriy etishga qaratilgan.

«Kundalik» raqamli ta’lim platformasi Rossiya maktablarida joriy etilgan «Dnevnik.ru» axborot tizimi asosida ishlab chiqiladi.

Tizim onlayn tarzda o‘qituvchilarni darslarini rejalashtirish, dars jadvallarini tuzish, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi va davomatini elektron jurnal va kundaliklarda qayd etib borish, shuningdek, ta’lim boshqaruv organlari va muassasalarga statistik hisobotlarni shakllantirish uchun xizmat qiladi.

«Kundalik» tizimi o‘quvchilar va ularning ota-onalariga 24 soat davomida baholar va uy vazifalari haqidagi ma’lumotlarni kuzatib borish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular himoyalangan ijtimoiy tarmoq orqali muloqot qilishlari hamda onlayn kutubxona va ta’limga oid media resurslardan foydalanishlari mumkin.

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Boboxo‘jayev loyiha haqida shunday dedi: «Xalq ta’limi vazirligining asosiy vazifalaridan biri o‘qituvchilar ishi uchun qulay sharoit yaratishdir. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan holda biz maktablarda qog‘oz hisobotlarni kamaytirish va o‘qituvchilarga bu bilan bog‘liq yukni sezilarli darajada kamaytirishni maqsad qilganmiz. Shu bilan birga, biz o‘quv jarayonini boshqarish va o‘quvchilarning o‘zlashtirish hamda davomati bo‘yicha ob’ektiv hisobotlarni shakllantirishga ko‘mak beruvchi vositaga ega bo‘lamiz».

— «Kundalik» loyihasi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim omillardan biri bo‘lishiga ishonamiz. Hamkorligimiz O‘zbekistondagi ta’limni rivojlantirishga va o‘z mamlakatining kelajagiga katta hissa qo‘shadigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga yordam beradi", — deb ta’kidladi «Dnevnik.ru» MCHJ bosh direktori Gavriil Levi.