Oʻzbekistonda Rossiyaning qator oliygohlari filiallari ochiladi

Oʻzbekistonda Rossiyaning qator oliygohlari filiallari ochiladi

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida boʻlib oʻtayotgan forum ikki mamlakatning taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlashga va oxir-oqibat davlatlararo munosabatlarning chuqurlashuvi yoʻlida xizmat qilishga yoʻnaltirilgan.

Bu haqida KUN.UZ nashri bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimovgs tayanib xabar berishicha, 18-19 oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi sessiyalari doirasida umumiy hisobda 127ta kelishuv imzolanishi kutilmoqda.

Toshkent shahrida Rossiyaning yetakchi oliygohlaridan biri Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (“MGIMO”) filialini tashkil qilish, Toshkent kimyo-texnologiya instituti bazasida esa Rossiyaning D.I.Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universiteti filialini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Forum doirasida shunga doir hujjatlar imzolanadi.

Shuningdek, taʼlim forumi davomida “MIFI” milliy tadqiqot yadroviy universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Atom energetikasini rivojlantirish agentligi oʻrtasida uch tomonlama shartnoma imzolanadi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Rossiya poytaxtlari hamda viloyatlaridagi qator universitetlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik oʻrnatishga doir koʻplab bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Taʼkidlash joizki, 18-19 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari tashabbusi bilan Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi boʻlib oʻtadi. Forumda ikki mamlakat prezident maʼmuriyatlari xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, Rossiya Federatsiyasi taʼlim va ilm-fan vaziri hamda ikki davlat oliygohlarining 80 dan ortiq rektori ishtirok etadi.