Qoʻqonda Toshkent davlat texnika universitetining filiali ochiladi

Qoʻqonda Toshkent davlat texnika universitetining filiali ochiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qoʻqon filialini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Fargʻona viloyati hokimligining Qoʻqon shahrida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qoʻqon filialini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilgani aytilgan.

Ushbu filial Qoʻqon shahri, Usmon Nosir koʻchasi, 4-uy manzilida, Qoʻqon qurilish va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji binosida joylashadi. Kollej oʻquvchilari oʻqishni bitirgunlariga qadar filial binolarida oʻquv jarayonini davom ettirishadi.

Shuningdek, qaror bilan 2018–2019 oʻquv yilida Filialda bakalavr tayyorlash boʻyicha qabul kvotalari tasdiqlandi.

Filialga joriy oʻquv yili uchun talabalar kontingenti Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida doimiy propiska qilingan, respublika oliy taʼlim muassasalariga qarorda belgilangan taʼlim yoʻnalishlarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga hujjat topshirgan va test sinovlari natijalariga koʻra oʻqishga kira olmagan, biroq toʻplagan ballari eng yuqori ballning 30 foizidan (56,7 ball) kam boʻlmagan abituriyentlar hisobidan toʻlov-kontrakt asosida shakllantiriladi.

Qarorga muvofiq, Davlat test markazi ballar ketma-ketligiga rioya etgan holda tegishli taʼlim yoʻnalishlari kesimidagi test natijalari qaydnomalarini chop etadi va belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun Filialga yetkazib beradi.

2018-2019 oʻquv yili uchun Filialda bakalavrlar tayyorlash uchun 125 nafat talabani toʻlov-kontrakt asosida qabul qiladi.